Fizika-texnika instituti yirik BM@N xalqaro kollaboratsiya a’zosi bo‘ldi

O‘zbekistonlik olimlar yirik xalqaro eksperimentlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘zbekiston Fizika-texnika instituti yirik BM@N xalqaro kollaboratsiya a’zosi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Rossiyaning Dubna shahridagi Birlashgan Yadro tadqiqotlari instituti Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasida xalqaro BM@N (Baryonic Matter at Nuclotron – Nuklotrondagi Barion Materiyasi) kollaboratsiyasi institutlar Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Fizika-texnika instituti direktori Husniddin Olimov institutda yuqori energiyalar fizikasi sohasida olib borilayotgan dolzarb tadqiqotlar hamda qo‘lga kiritilgan asosiy natijalar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.
Guruh rahbari Husniddin Olimov BM@N kollaboratsiyasi institutlari kengashi tarkibiga kiritildi. BM@N kollaboratsiyasiga a’zo bo‘lgan Fizika-texnika ilmiy guruhiga shuningdek, Yadro fizika institutidan a’zo sifatida Olimjon Tojiboyev hamda ilmiy maslahatchi sifatida akademik Behzod Yuldashev kiritildi.
“O‘zbekistonlik olimlarning bunday nufuzli va yirik xalqaro eksperimentlarda ishtirok etishlari jahonda O‘zbekiston fani nufuzini yanada ko‘tarilishiga hamda o‘zbekistonlik yosh olimlar va doktorantlarning o‘z tadqiqot sohalarida ilg‘or zamonaviy bilim, ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lishlariga imkon beradi” , deyiladi xabarda.
BM@N (Nuklotrondagi Barion Materiyasi) Rossiyaning Birlashgan Yadro tadqiqotlari tnstitutining yirik “NICA-Nuklotron” tezlatgich majmuasida boshlangan ilk eksperiment hisoblanadi.
BM@N eksperimentining asosiy maqsadi tezlatilgan relyativistik og‘ir ionlarning nishon yadrolari bilan to‘qnashuvlarida hosil bo‘lgan zich barion materiyaning xossalarini o‘rganish. Bunday zich barion materiya xossalari bo‘yicha neytron yulduzlaridagi zich materiyaga juda yaqindir.
BM@N xalqaro kollaboratsiyasiga jahonning 5 ta davlatining 13 ta ilmiy tashkilot hamda universiteti a’zo hisoblanadi.