TOShKENT, 18 sen — Sputnik. Shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirusning “pirola” yangi shtammi keng tarqalmoqda. U “omikron”dan ham yuqumliroq bo‘lishi mumkin
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, hozirgacha mamlakatda va qo‘shni davlatlarda koronavirusning ushbu shtammi bilan kasallanganlar qayd etilmagan.
Sanepidqo‘mitaning Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virus genomini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘ngi tahlillar natijasiga ko‘ra mamlakatimizda kasallanganlarning 100 foizida "omikron" shtammining turli variantlari ekanligi aniqlangan.
“Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, mamlakatimizda epidemik vaziyat barqarorligicha saqlanmoqda”, - deyilgan xabarda.
“Pirola” shtammi Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQShda ro‘yxatga olingan.
Kovidning bu yangi shtammi ilk bor 2023-yilning yoz faslida aniqlangan. Shundan so‘ng ba’zi mintaqalarda infeksiyani yuqtirish va o‘lim ko‘rsatkichlari birmuncha ko‘paygan.