NDKTU va Rossiya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Baxtiyor Mardonovga Ural davlat kon-tog‘ universitetining faxriy professori unvonini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Joriy yilning 11-15 sentabr kunlari Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti (NDKTU) delegatsiyasi Yekaterinburgda xizmat safarida bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Delegatsiyaga NDKTU rektori Baxtiyor Mardonov boshchilik qildi. Tashrif davomida Ural federal universiteti (UrFU) rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikka doir “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi hamda NDKTU va UrFU o‘rtasida tegishli shartnoma imzolandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini Sverdlovsk viloyati gubernatorining o‘rinbosari Vasiliy Kozlov ham qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
NDKTU rektori Baxtiyor Mardonov Sverdlovsk viloyatida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning o‘quv amaliyotlarini Sverdlovsk viloyatidagi aloqador tashkilotlarda o‘tash taklifini ilgari surdi.
Vasiliy Kozlov ushbu masala Sverdlovsk viloyati hokimiyatining aloqador departamentlari bilan kelishilgan holda ijobiy hal etilishini ta’kidladi.
Navoiylik mehmonlar Ural davlat tog‘-kon universiteti (UDTKU) rahbariyati bilan ham muzokaralar olib borishdi. Bir xil yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlovchi ikki oliy ta’lim muassasalari o‘zaro hamkorlikning qator yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib oldilar.
Shu bilan birga, UDTKU Ilmiy kengashi Baxtiyor Mardonovga Ural davlat kon-tog‘ universitetining faxriy professori unvonini berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston oliy o‘quv yurti rahbariyati Ural davlat konchilik universiteti rektori Aleksey Dushinga NDKTU faxriy professori unvonini taqdim etdi.