Abdulla Qahhor tarjimai holi
Abdulla Qahhor 1907-yili 17 senyabrda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Abduqahhor temirchi bo‘lgan. Lekin bu kasbdan oladigan daromad tirikchilik uchun kifoya qilmagani sababli u doim ish izlab qishloqma qishloq ko‘chib yurardi. Shu tufayli Abdullaning bolaligi Yaypan, Nursuh, Kudash, Buvayda, Tolliq, Olqor, Yulg‘unzor, Oqqo‘rg‘on kabi Qo‘qon atrofidagi qishloqlarda kechadi. Kechqurunlari otasi Abdullaga suratli eski kitoblardan hikoyalar o‘qib bergan.
Qiyinchiliklarga qaramay, otasi Abduqahhor Jalilov va onasi Rohat aya o‘g‘liga boshlang‘ich ta’limni bera olishgan. U o‘n yoshga to‘lganda Buvaydadagi eski maktabga o‘qishga kiradi, biroq ko‘p o‘tmay oila Oqqo‘rg‘onga ko‘chadi. Oqqo‘rg‘on maktabida Abdulla qo‘qonli Muhammadjon qorining usuli savtiya maktabida tahsil ko‘rdi. Muhammadjon qori ilg‘or fikrli ma’rifatparvar odam edi. U geografiya, matematika kabi ilmlarni ham o‘qitgan. Ayniqsa, shogirdlarida sharq adabiyotiga qiziqish uyg‘otishga uringan.
Ehtimol shu bois bo‘lsa kerak, Abdulla Qahhor umrining ohirigacha Sa’diy va Xayyom, Hofiz va Bedil, Lutfiy va Navoiy, Bobur va Nodira asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilar, ularning ancha-munchasini yod bilar va o‘rni kelganda ulardan parchalar keltirib, fikrini dalillar edi. Shundan so‘ng Abdulla Qo‘qonda yangi ochilgan “Istiqbol” maktab internatida o‘qiy boshlaydi, bu internat Abdullaning zehnini yanada o‘tkirlashtirdi.
Abdulla Kaxxar
© Dom-muzey Abdulli Kaxxara
1922-1924 yillarda Abdullada adabiyotga qiziqish avj ola boradi. Bu yillarda u Qo‘qon pedtexnikumida o‘qidi, umrida birinchi marta Pushkin, Gogol, Turgenev, Tolstoy asarlaridan xabardor bo‘ldi. Texnikumda chiqadigan “Bilim yurti” devoriy gazetasiga she’rlari va maqolalari bilan tez-tez qatnashib turdi. Abdulla Qahhor 1926-yilda ishchilar fakultetiga o‘qishga kiradi va uni tugatib yana jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanadi. U 1934-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oladi.
Abdulla Qahhorning ijodiy yo‘li
1923 yilning dekabr oyida “Mushtum” jurnalida Abdulla Qahhorning birinchi felyetoni bosildi. Shundan keyin u respublika matbuotida “Gulor”, “Yalangoyoq”, “Norin shilpiq”, “Mavlon kufur”, “Nish” kabi taxalluslar bilan tez-tez feltonlar, satirik she’rlar, hikoyalar e’lon qila boshladi. 1925-yilda “Qizil O‘zbekiston” gazetasi uni Toshkentga gazeta tahririyatida ishlashga taklif etadi. Gazetaning Abdulla Qahhorning yozuvchi sifatida shakllanishida katta o‘rin katta.
Abdulla Kaxxar
© Portal Ziyouz.uz
Abdulla Qahhor adabiyot olamiga hikoya janrining tengsiz ustasi bo‘lib kirdi. Yozuvchini hatto o‘zbek Chexovi deb ham atashadi. Uning ilk kitobi “Qishloq hukm ostida” nomli kichik qissa 1932-yilda nashrdan chiqqan. Shundan so‘ng yozuvchining “Olam yasharadi” va “Tangrining kulgisi” degan to‘plamlari bosildi. Adibning “Boshsiz odam” hikoyasi ayol qadr-qimmati, ozodligini kuylovchi asar hisoblanadi.
Yozuvchining 30-yillar ijodida ilk romani – “Sarob” yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu roman keng mavzuli bo‘lib, o‘sha davrdagi hayot manzaralarini real tasvirlagan, voqealar tasvirida haqiqatni saqlab qolgan.
Abdulla Qahhor ijodiy hayoti mobaynida 40 dan ortiq asar yozgan. Bu kitoblar orasida 30 taga yaqin hikoyalar bo‘lib, ular o‘zbek adabiyotida hikoya janrining badiiy ufqlarini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir. “Asror bobo”, “Kampirlar sim qoqdi”, “Xotinlar” hikoyalari va “Oltin yulduz kabi qissalarida o‘zbek jangchilarining mardligi, halqimizning mehnatdagi jonbozligi, yuksak vatanparvarligi ifodalangan. Yozuvchining urushdan keyingi yillarda yaratgan “Qo‘shchinor chiroqlari” (1951) romani va “Sinchalak” (1958), “Muhabbat” (1968), ”O‘tmishdan ertaklar” (1965) qissalari, "Boshsiz odam", "Anor", "Bemor", "Dahshat", "O‘g‘ri", " Millatchilar", "San’atkor", "Adabiyot muallimi", "O‘jar" kabi hikoyalari o‘zbek nasrining taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Abdulla Qahhor - dramaturg
Adib 1938-1939 yillar Hamza nomidagi O‘zbek akademik drama teatrining adabiy bo‘limiga boshchilik qiladi. U o‘zining “Shohi so‘zana” (1951), “Og‘riq tishlar” (1954), “Tobutdan tovush” (1962), “Ayajonlarim” (1967), “So‘ngggi nusxalar” komediyalari bilan o‘zbek dramaturgiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Ayniqsa, “Shohi so‘zana” hajviy pyesasi respublika va qator xorijiy mamlakatlar sahnalarda muvaffaqiyatli namoyish qilingan.
Abdulla Kaxxar
© Dom-muzey Abdulli Kaxxara
O‘zbek kitobxonlari Abdulla Qahhor tarjimasida M. Gorkiyning “Mening dorilfununlarim”, I. V. Gogolning “Revizor”, L. N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani va boshqa bir qator asarlarni o‘zbek tilida o‘qishga muvaffaq bo‘lishgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor asarlari rus, ukrain, belorus, qozoq, qirg‘iz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind tillarida chop etilgan.
1968 yilning 25-may kuni Abdulla Qahhorga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni berilgan. U 1968-yil 25-may kuni Moskvada 61 yoshida vafot etgan. Yozuvchi vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Abdulla Qahhor nomi Toshkent va Qo‘qondagi bir necha ko‘cha va maktab, shuningdek, madaniyat uylari va respublika Satira teatriga berilgan. Poytaxtda Abdulla Qahhor uy-muzeyi ochilgan va haykali o‘rnatilgan.
Abdulla Qahhorning umr yo‘ldoshi, mohir tarjimon Kibriyo Qahhorova “Jomboy tongi” gazetasiga bergan intervyusida ijodxona Abdulla Qahhor uchun muqaddas joy bo‘lganini aytgan. "U har kuni muayan vaqt yozuv stolida o‘tirar, birov xalaqit bermasin, deb pastda yurardim. Ertalab soat sakkizdan, o‘n ikkigacha ish shu zayl davom etadi", - degan Qahhorova.
Abdulla Kaxxar
© Portal Ziyouz.uz
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev Abdulla Qahhorni shunday eslaydi: "Mana, Abdulla Qahhor haqida xotiralar kitobi chiqayapti. Ulkan rus adiblari haqida zamondoshlari bitgan ko‘p xotiralarni o‘qiganman. Ayniqsa, I.Buninning Chexov haqidagi yodnomalari yoqadi. Unda Chexovning qanday o‘tirishi, havo qandoq ekani va nimalar degani g‘oyat aniqlik bilan yozilgan. O‘zimning Abdulla Qahhorni ko‘rgan chog‘larim haqida o‘ylab, xotiralarimni beixtiyor anavi yodnomalarga solishtirishni istasam: "Tavba, — degim keladi. — Bunin Chexovning uyiga reportor sifatida borar ekan, xolos. Yoki… uning xotirasi o‘zi — mo‘’jiza".
Konstantin Simonov
© Sputnik / Yakov Khalip
"Bir yozuvchi turli yillarda boshqa bir yozuvchining asarlarini tarjima qilaversa, bilingki bu shunchaki havasdan emas, balki asarlarini tarjima etayotgan shaxsga yuksak e’tiqodidan ham dalolatdir. Menga Qahhorning shaxsiyati, fe’l-atvori, o‘ziga va o‘zgalarga talabchanligi, qobiliyatining ayricha xususiyati bo‘lmish lirikligiyu kinoyaga moyilligi, xullas, barcha jihatlari yoqar edi. Ayniqsa, uning hayotda ham, ijodda ham mardligi men uchun qadrli ediki, bu fazilati asarlariga qanday hayotiy material tanlaganida, materialga qanday mavzu yuklaganida va masalani qanday hal etganida ko‘rinar edi", - deb eslaydi yozuvchi Konstantin Simonov.
Abdulla Qahhor uy-muzeyi ekspozitsiyasi va fondida qo‘lozmalar, yozuvchining kundaligi va 1920–30 yillarga tegishli fotosuratlar mavjud.