TOShKENT, 15 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbeda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tojikiston tomoni raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qasimaliyev va BMT bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomati bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.
Sammitda Orol dengizi havzasida ekologiya, suv xo‘jaligi va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi hamda jamg‘arma doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi ko‘p tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar turganini qayd etib, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikka oid qator amaliy takliflarni ilgari surdi.
Xususan:
jamg‘armaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish doirasida asosiy hujjat va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish va qayta ko‘rib chiqish;
amaldagi tuzilmani tahlil qilish va jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash;
uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqish;
“yo‘l xaritalari”, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlash;
investitsiyalarni va texnik ko‘makni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish;
qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya o‘tkazish;
xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish;
suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari bo‘yicha mintaqaviy platformani ta’sis etish;
Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish.
Davlat rahbari so‘zining yakunida bugungi sammitda ilgari surilayotgan tashabbuslar va qabul qilinayotgan hujjatlarning amalga oshirilishi jamg‘arma doirasida xalqlar farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.