Markaziy bank avtokreditlar cheklanishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Markaziy bankning yangi talabi bilan banklarning kredit portfelidagi avtokreditlar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerak.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Markaziy bank banklarga avtokreditlar bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar bunday kreditlar ajratilishini taqiqlamasligi va taklif etilayotgan foiz stavkalari oshishiga ta’sir qilmasligini bildirdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda avtokreditlar uchun talablar kuchaytirilgani haqida ma’lumot tarqalgan edi.
Bank nazorati qo‘mitasi 12-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda banklarning kredit portfelida konsentratsiya tavakkalchiligi holati yuzasidan qarori qabul qilgan.
Unda banklar "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, aktivlari bo‘yicha yo‘qotishlarga oid tavakkalchilikni kamaytirish maqsadida o‘z aktivlarining diversifikatsiya qilinishini ta’minlashi kerakligi belgilangan.
Shuningdek, Markaziy bank banklar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi tavakkalchiliklarni aniqlaganda, ularning barqarorligini sezilarli darajada yomonlashtiruvchi tavakkalchiliklarga sabab bo‘ladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga belgilangan cheklovlarga rioya etish talablarini kuchaytirishi ta’kidlangan.
"So‘nggi yillarda banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar tarkibida avtokreditlar ulushining keskin ortishi konsentratsiya tavakkalichigini vujudga keltirib, mazkur yo‘nalishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yo‘qotishlarning banklar barqarorligiga ta’siri xatarlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda", — deyiladi regulyator bayonotida.
Shu sababli omonatchilar va kreditorlar manfaatlari himoya qilinishini hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarning banklar barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun Markaziy bank bank nazorati qo‘mitasi qarori bilan tijorat banklariga kredit portfelining diversifikatsiya qilinishini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
"Markaziy bankning bu ko‘rsatmasi banklar tomonidan avtokreditlar ajratilishini taqiqlamaydi hamda taklif etilayotgan foiz stavkalari oshishiga ta’sir ko‘rsatmaydi", — deyiladi MB xabarida.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha banklarda avtokreditlar ajratish imkoniyatlari mavjud va amalga oshirilmoqda.