O‘zbekiston va YeOII

YeOIIda bolalarni “qo‘rqinchli” o‘yinchoqlardan himoya qilishga oid tavsiya ishlab chiqildi

YeIK hay’ati a’zolari Ittifoqning “O‘yinchoqlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglamentiga o‘zgartirish kiritishga oid ishni davom ettirish maqsadga muvofiq deb topishgan.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) bolalarni ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi tavsiyanomani qabul qildi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, hujjat bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan stol ustidagi o‘yinlar, o‘yinchoqlar, liboslar, rukzaklar va boshqa tovarlarga taalluqli. Bundan tovarlarda bola sog‘lig‘iga va ruhiyatiga zarar yetkazuvchi axborot bo‘lmasligi shart.
YeIK hay’ati a’zolari Ittifoqning “O‘yinchoqlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglamentiga o‘zgartirish kiritishga oid ishni davom ettirish maqsadga muvofiq deb topishgan. U bolalarning o‘yinchoqlarning salbiy ta’siridan himoya qilish uchun ularga bo‘lgan minimal talablarni nazarda tutadi.
Bolalarni ularning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy, ma’naviy, ruhiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanisha zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi model qonunni MDH Parlamentlararo Assambleyasi 2009-yil dekabrida qabul qilgan. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) ikki davlati – Rossiya va Qozog‘iston tegishli qonunlarni qabul qilgan. YeIK yana uch mamlakat – Qirg‘iziston, Armaniston va Belarusga o‘z qonunchiligiga bunday hujjatni qo‘shish imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan.
Avvalroq Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi o‘yinchoqlar qatoriga nafaqat zararli moddalar bo‘lgan, balki bolalar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid tug‘diruvchi hatti-harakatlarni ta’riflaydigan har qanday o‘yin va buyum kirishiga aniqlik kiritgan edi.
Misol uchun, o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazish, o‘z joniga qasd qilish, boshqa odamlar hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish, odamlar yoki hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, millati va dinini kamsitish, noan’anaviy munosabatlar, jinoiy xatti-harakatlar. Tamaki, giyohvandlik moddalari va alkogol iste’mol qilish, jinsiy zo‘ravonlik va pornografiya sahnalari, o‘yinchoqlarning haddan ziyod anatomik tafsilotlari bo‘lishi va hokazolar ham kiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘yinchoqlar va o‘yinlarning ruhiy xavfsizliga doir alohida qonun mavjud emas. Hukumat 2020-yilda bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlagan. U bolalar o‘yinchoqlari xavfsizligi, bolalar va ularga qarovchi shaxslarning hayotini muhofaza qilish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib bolalar o‘yinchoqlarini xavfsiz ishlab chiqarish hamda sotish talablarini belgilaydi. Shuningdek, bolalar o‘yinchoqlaridan foydalanish va ularning xavfsizligi xususida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini oladi.
Ammo mamlakatda 2017-yilda qabul qilingan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun amal qiladi. Unda axborot mahsuloti sifatida O‘zbekiston hududida aylanish uchun mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari mahsuloti, bosma mahsulot, har qanday turdagi tashuvchilardagi audiovizual mahsulot, dasturiy ta’minotdan foydalangan holda tarqatiladigan, telekommunikatsiya tarmoqlariga, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtiriladigan axborot, kompyuter o‘yinlari, shuningdek tomoshabop tadbirlar vositasida tarqatiladigan axborot ko‘rsatilgan.
Bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsuloti jumlasiga:
- bolalarni ularning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga xavf soladigan xatti- harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazishga, o‘z joniga qasd qilishga va shunday harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan;
- bolalarda alkogolli va tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilish, qimor o‘yinlarida, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishalik, darbadarlik, tilanchilik yoki g‘ayriijtimoiy xatti-harakatning boshqa shakllari bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan;
- odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoki oqlaydigan yoxud zo‘ravonlik xatti- harakatlarini amalga oshirishga undaydigan;
- oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib kiladigan, shuningdek, ota-onasiga va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan;
- g‘ayriqonuniy xulq-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;
- jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga chaqiradigan;
- uyatli so‘zlarni o‘z ichiga olgan;
- pornografiya xususiyatiga ega bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan;
g‘ayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan axborot mahsuloti kiradi.
Muayan yosh toifalaridagi bolalar o‘rtasida tarqatilishi cheklangan axborot mahsuloti jumlasiga:
- shafqatsizlik, jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlar tasviri yoki bayoni tarzida taqdim etiladigan;
- bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otadigan, shu jumladan kuch ishlatilmagan o‘limni, kasallikni, o‘z joniga qasd qilishni, baxtsiz hodisani, avariyani yoki falokatni va (yoki) ularning oqibatlarini inson qadr-qimmatini kamsitadigan shaklda tasvirlash yoki bayon etish tarzida takdim etiladigan;
- erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy munosabatlarni tasvirlash yoki bayon etish tarzida taqdim etiladigan;
- uyatli so‘zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so‘zlarni o‘z ichiga olgan axborot mahsuloti kiradi.