Gurbanguli Berdimuhamedov MO davlat rahbarlarining faxriy nishoni bilan taqdirlandi

Gurbanguli Berdimuhamedov do‘st mamlakatlar rahbarlariga murojaat qilib, unga bunday yuksak mukofot topshirilganidan samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Turkmaniston Xalq Maslahati raisi, mamlakatning sobiq prezidenti va turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda “Türkmenistan: Altyn asyr” nashri xabar berdi.
Taqdirlash marosimi Dushanbedagi Qasri millat saroyida bo‘lib o‘tgan. Berdimuhamedovga mukofotni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon topshirgan.
Turkmaniston Xalq Maslahati raisi do‘st mamlakatlar rahbarlariga murojaat qilib, unga bunday yuksak mukofot topshirilganidan samimiy minnatdorlik izhor etgan.
Berdimuhamedov Dushanbeda o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha qabul qilingan qarorlar qardosh mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va birlikni saqlash uchun muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Gurbanguli Berdimuhamedov faxriy mehmon sifatida taklif etilgan edi. Berdimuhamedov 2007-yildan 2022-yilgacha Turkmaniston prezidenti bo‘lgan. U 2019 va 2021-yillardagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitida qatnashgan.