Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvida nimalarni taklif qildi?

Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik istiqbollari bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi.
Qayd etilishicha, mintaqa iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, G‘arbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olmoqda.

"Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Biz ushbu yo‘nalishda mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqdamiz", - dedi mamlakat yetakchisi.

Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish taklif qilindi.
Shu munosabat bilan mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilish zarur.
Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi.
O‘zbekiston prezidenti yengil avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasini muvaffaqiyatli sheriklikka misol sifatida qayd etdi.
Uchinchi davlatlarga eksport qilishni ko‘zlagan holda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.

"Birgalikdagi sa’y-harakatlarga tizimli tus berish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi", - deyiladi xabarda.

Mamlakatlarning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash hamda Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
"Afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdiddir", - dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emasligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston prezidenti tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi zaif nuqtalar ko‘rsatib o‘tildi. Bular - agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalari.
"Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omiliga aylanmoqda. Shu munosabat bilan, kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazmoqchimiz, - deb, davlat rahbari mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini ushbu forumga taklif etdi.
Iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlashga amaliy hissa qo‘shish maqsadida Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish tashabbusi bildirildi.
Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etish taklif qilindi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi. Qayd etilishicha, “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘ladi.

"Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz", - dedi prezident.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish hamda Favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida Mintaqaviy tizimni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston bundan buyon ham afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatadi, shu maqsadda Termizdagi xalqaro xabni gumanitar ko‘mak uchun taqdim etadi, afg‘on fuqarolarini maxsus tashkil etilgan ta’lim markazida o‘qitishni davom ettiradi.
Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga Afg‘onistonning ichki transport yo‘llarini tiklash zarurligi qayd etildi.
So‘zining yakunida prezident Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish taklifini qo‘llab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi.