TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha 5 ta hujjat qabul qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida quyidagi hujjatlar qabul qilindi:
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;
Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim;
Markaziy Osiyoda yerusti transportining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida bitim;
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi to‘g‘risida nizom;
2022-2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun “yo‘l xaritasi”.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammitda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.