TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova lavozimini tark etayotganini ma’lum qildi.
"Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bolalar huquqlari bo‘yicha vakil sifatidagi faoliyatimni to‘xtatayotganimni ma’lum qilaman. Muhtaram prezident Shavkat Mirziyoyevga bola huquq va manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman", — deb yozdi u o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida.
Yunusova bolalar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning xalqaro standartlarga mos mustahkam tizimini shakllantirishda hamkorlik qilgan, qo‘llab-quvvatlagan, hissa qo‘shgan, ishongan va birga faoliyat yuritgan barchadan minnatdor ekanini ma’lum qilgan.
"YuNISEF huzuridagi Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda va uning jamoasiga bolalar manfaatlariga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani va ilgari surayotgani uchun alohida tashakkur bildiraman", - deya yozgan Yunusova.
U 2020-yil fevralidan buyon bu lavozimda ishlab kelayotgan edi.
Aliya Yunusova (1961 yilda tug‘ilgan) — ish faoliyatini Toshkent davlat tibbiyot institutida (1983−1989 yillarda) o‘qituvchilikdan boshlagan. U turli yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mo‘minov nomli falsafa va huquq institutida aspirant (1989−1999), kichik ilmiy xodim, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada I darajali mutaxassis (1991−1993), bosh mutaxassis, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazida bo‘lim mudiri (1999−2005) lavozimlarida mehnat qilgan. Yunusova 2005−2020 yillarda — uchinchi chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.
O‘zbekistonda bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti 2019-yil aprelida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakilining o‘rinbosari sifatida joriy etilgan, 2021-yil avgustida ombudsman tarkibidan chiqarilib, Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili instituti sifatida mustaqil institutga aylangan edi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda bajaradi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5-yil muddatga saylanadi. Mazkur lavozimga esa nomzodni prezident tavsiya etadi.