23 ta tumanda quduq burg‘ulash taqiqlandi — tafsilotlar

Meyoridan ko‘p miqdorda suv olish, yer osti suvlarining pasayib ketishiga olib keladi va natijada ichimlik suv inshootlariga suv yetmay qolishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Yer osti suvlari sathi va zaxiralari kamayib ketayotgan 23 ta tumanda quduqlar burg‘ulash taqiqlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Jumladan: Nurota, Nurobod, Payariq, Ishtixon, Urgut, Qo‘shrabot, Forish, Zomin, Yangiobod, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Ko‘kdala, Koson, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Beshariq, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa, Izboskan tumanlarida quduqlar burg‘ulashga moratoriy joriy etildi, - deyiladi xabarda.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, tasdiqlangan miqdordan ortiqcha suv olish suv sathining pasayib ketishiga va bu zaxiralarning bir necha yil ichida tugashiga olib kelishi mumkin. Natijada ichimlik suv manbasi bo‘lgan quduqlar quriydi va katta mablag‘lar hisobiga qurilgan ichimlik suv inshootlari suv bermay qo‘yadi.
Yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burg‘ulash tizimini takomillashtirish, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, aholi orasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yer osti suvlarning kamayishi hamda ifloslanishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bolalarni yoshlikdan suvni tejashga o‘rgatish maqsadida 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan o‘zbek tilida ("Tomchivoy") va rus tilda ("Kapelka") jurnali tayyorlanib, chop etildi. Umumta’lim maktablarida ochiq darslar, jumladan, “Water time” dasturi tashkil etildi. Bugungi kunga qadar mazkur dasturning 4 ta soni tasvirga olinib ommaga e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston dunyodagi eng qurg‘oqchil mamlakatlardan biridir. Hududning katta qismi cho‘l zonasida joylashgan, mamlakatdagi daryo va ko‘llar yirik xalqaro suv omborlari bilan bog‘langan bo‘lib, ulardan boshqa mamlakatlar ham foydalanadi.️ Suv resurslaridan unumli foydalanish va uni asrab-avaylash muhim zaruratdir. Aks holda kelajak avlod bu muhim resursdan mahrum bo‘lishi mumkin.
Ichimlik suvidan qaysi maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi