Rossiya TIV Sputnik Moldova rahbari chiqarib yuborilishiga javoban chora ko‘rishga va’da berdi

Sputnik Moldova rahbarini Moldovadan chiqarib yuborish bilan respublika rahbariyati “demokratiya g‘oyalariga sodiqlik va fikrlar plyuralizmi haqidagi bayonotlari aslida qanchalik haqiqatga yaqin emasligini yana bir bor namoyish etgan.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen – Sputnik. Sputnik Moldova rahbari Vitaliy Denisovning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga javoban Rossiya shubhasiz choralar ko‘radi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova bayonotida ma’lum qilindi.
“Biz mas’ul xalqaro tuzilmalardan Moldova hukumati harakatlariga tegishli baho berishni talab qilamiz. Bizning javob choralarimizga kelsak, ular albatta amalga oshiriladi”, — deyiladi bayonotda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Moldova rasmiylarining har qanday ko‘rinishdagi noroziliklarni bostirish va nomaqbul ma’lumot manbalarini yo‘q qilish yo‘nalishi borgan sari kulgili mubolag‘a ko‘rinishga ega bo‘lmoqda”.
“Ushbu bema’ni qarorning Rossiyaga qarshi mohiyati ayon. Uning maqsadi — Moldova axborot makonini rasmiylar yoqtirmaydigan OAVdan tozalash va bunga rozi bo‘lmaganlarni qo‘rqitishdir”, — dedi Zaxarova.
“Rasmiy Kishinyov tomonidan so‘z erkinligiga rioya qilish hamda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha xalqaro-huquqiy majburiyatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilmoqda”, — deb hisoblaydi Rossiya TIV rasmiy vakili.
Sputnik Moldova rahbari Vitaliy Denisov mamlakatdan deport qilindi