Markaziy Osiyo transport vazirlari qo‘shma kommunike imzolashdi – tafsilotlar

Dushanbeda Markaziy Osiyo transport vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo (MO) davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi arafasida MO transport vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uning yakuni bo‘yicha Dushanbe kommunikesi qabul qilindi, deb xabar bermoqda Tojikiston Transport vazirligi axborot xizmati.
Dushanbedagi Markaziy Osiyo transport vazirlarining birinchi uchrashuvi
Uchrashuv Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim raisligida Qozog‘iston transport vaziri Marat Karabayev, O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Turkmaniston Vazirlar mahkamasi huzuridagi transport va aloqa agentligi direktori Mammetxan Chakiyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqa davlatlari va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahkamlash maqsadida transport va logistika xizmatlarini rivojlantirish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratishlarini ma’lum qilishdi.
“Tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi intermodal va multimodal transchegaraviy va tranzit transport xizmatlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida hozirgi va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilish hamda mintaqa mamlakatlari uchun multimodal yo‘laklar orqali yetkazib berish zanjirini mustahkamlash va kengaytirish muhimligini qayd etishdi”, - deyilgan hujjatda.
Mintaqa davlatlari va boshqa mamlakatlar o‘rtasida transport sohasida o‘zaro bog‘liqni ta’minlash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining logistik imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi ta’kidlangan.
Kommunikega ko‘ra, mamlakatlar ikki va ko‘p tomonlama platformalardan foydalanib, hamkorlikni mustahkamlashadi. Bundan ko‘zlangan maqsad: Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlar o‘rtasidagi aloqani rivojlantirish va transport yo‘laklarini yaxshilash.
Vazirlar “Markaziy Osiyodagi yerusti bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi” bitim loyihasini ma’qullashdi. Bitim 14-15 sentabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi doirasida imzolanishi kutilmoqda.
Bitimning asosiy maqsadlari – yerusti transporti bilan xalqaro tashishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, Markaziy Osiyo mintaqasidagi transport xizmatlari bozorida raqobatli muhitni ta’minlash, yangi xalqaro yo‘laklarni tashkil etish va samaradorligini oshirish.