Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi — ular haqida nimalar ma’lum?

Farrux Sharipov, Farxodjon Tashpulatov va Olim Omonov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Prezidentning tegishli qarori bilan Farrux Sharipov, Farxodjon Tashpulatov va Olim Omonov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlanishdi.
Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Farrux Sharipov 1969 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1993-yil Samarqand davlat tibbiyot instituti, 2010-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
2002-2009 yillarda Toshkent tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, 2009-2012 yillarda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan.
2012-2014 yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i bo‘lgan. 2015-2016 yillarda Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Sharipov 2021-yildan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Farxodjon Tashpulatov 1983-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2004-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, 2005-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi ixtisoslashtirilgan Oliy biznes maktabini tamomlagan.
2006-2007 yillarda “Parvina sug‘urta” sug‘urta kompaniyasi Toshkent shahri direksiyasi direktori, 2007-2010 yillarda “O‘zbekinvest Hayot” sug‘urta kompaniyasi menejeri, bosh menejeri lavozimlarida mehnat qilgan.
2011-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida bir qancha mas’ul vazifalarda ishlagan. Tashpulatov 2021-yildan “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Olim Omonov 1979-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2001-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti, 2006-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti magistratura bosqichi, 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
2005-2011 yillarda “O‘zbektelekom” AK “UzNet” filiali bo‘lim boshlig‘i, 2011-2018 yillarda Vazirlar Mahkamasida bir qancha mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan.
2018-2021 yillarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi direktori vazifasida ishlagan. Omonov 2023-yildan “Chorvoq” turistik rekreatsion zona direksiyasi DUK direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.