Xitoy O‘zbekistonga ayrim loyihalar uchun grantlar ajratmoqchi — mablag‘ nimalarga sarflanadi?

Xitoy O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Xitoy O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari Sarvar Xamidov va O‘zbekistonda bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi rahbari Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi raisi o‘rinbosari Den Botsin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida Xitoy hukumatining grant mablag‘lari hisobidan loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.Yig‘ilish yakunida grant loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Memorandumni imzolandi.
“Xitoy tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni hayotga tatbiq etishda o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini bildirdi”, - deyiladi xabarda.
Hujjatda qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va institutsional rivojlanish kabi sohalarda umumiy qiymati 190 million dollardan ortiq bo‘lgan 14 ta loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan.