TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi to‘lovlarning 80% dan ortig‘i milliy valyutalarda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha birinchi departamenti direktori Georgiy Zinovev RIA Novostiga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning dollarsizlanishi allaqachon amalga oshirilgan.
Rossiya-Xitoy to‘lovlarida milliy valyutalarning ulushi juda tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda: agar 2022-yil boshida bu taxminan 25% bo‘lgan bo‘lsa, hozirda u 80% dan oshdi.
“Moskva birjasida rubl/yuan juftligidagi savdolar uzoq vaqt davomida AQSh dollaridagi savdo hajmidan oshib ketdi”, - dedi Zinovev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy iqtisodiy operatorlari “g‘arb davlatlarining “toksik” valyutalaridan ommaviy ravishda uzoqlashib, ishonchliroq va eng muhimi, xavfsiz to‘lov vositasi sifatida rubl va yuanga ustunlik bermoqda”.
Xalqaro siyosiy va iqtisodiy beqarorlik moliya institutlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, Rossiya va Xitoy hukumatlari ishi natijasida ishlab chiqilgan vositalar “barcha kerakli operatsiyalarni imkon qadar osonlashtirish” imkonini beradi, deya xulosa qildi diplomat.