TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Mobil qurilmalardan ko‘p foydalanadigan o‘quvchilarning 31,0 foizi tish og‘rig‘i va kariyesdan aziyat chekadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi (Sanepidqo‘mita) xabar berdi.
Poytaxtdagi maktablarda 2022-2023 o‘quv yili davomida 11 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 900 nafar o‘quvchi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.
Tadqiqotning maqsadi zamonaviy raqamli qurilmalar va Internetdan ko‘p foydalanish bolalarning kasallanishiga ta’sirini baholashga qaratildi.
“Statistik ma’lumotlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, o‘quvchilar orasida endokrin tizim, ovqatlanish va metabolik kasalliklar bilan bog‘liq shikoyatlarga ega bolalar o‘rtacha 41 foizni tashkil etadi”, - deyiladi xabarda.
Umumiy kasallanishning qiyosiy tahliliga ko‘ra, raqamli qurilmalardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan o‘quvchilarida, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan o‘quvchilariga nisbatan ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bog‘liq belgilar ko‘proq uchradi.
Skrining so‘rovnoma natijalari orqali aniqlandiki tekshirilayotgan bolalar orasida asab tizimi kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan.
“So‘rovnoma natijalariga ko‘ra bolalar orasida qon aylanish tizimi, nafas olish tizimi kasalliklari shovqin va quloq bilan bog‘liq shikoyatlar bor ekanligini aniqlangan, - deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, raqamli qurilmalardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan o‘quvchilar ovqat hazm qilish tizimidagi muammolardan 1,1 baravar ko‘proq shikoyat qilgan.
O‘quvchilarning 31,0 foizi tish og‘rig‘i va kariyesdan shikoyat qilgan, bu raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan o‘quvchilariga nisbatan 6,4 foizga ko‘pdir.
Raqamli qurilmalardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan o‘quvchilarda, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydiganlarga nisbatan turli kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan.