TOShKENT, 8 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuyni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuyni qabul qildi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan bugungi xavf-xatarlarga qarshi, shu jumladan mintaqa darajasida kurashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Agrar tarmoqni rivojlantirishdagi nomutanosibliklar, suv resurslarining tanqisligi, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzun va samarasiz zanjirlari, logistikadagi uzilishlar va boshqalar barqaror rivojlanish uchun asosiy xatarlar sifatida qayd etildi.
“O‘zbekiston va FAO o‘rtasida 2030-yilga qadar mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturiga qishloq xo‘jaligini ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar asosida modernizatsiya qilish, agrar sohani raqamlashtirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning ta’sirchan vositalarini amalga oshirish va agrooziq-ovqat tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni kiritishga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston hukumati tomonidan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning texnik ko‘magida tashkil etilgan mazkur konferensiya 7–8 sentabr kunlari davom etadi.