“Aholi salomatligi-2030” strategiyasi ishlab chiqiladi - tafsilotlar

Strategiyada ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirish, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish kabi masalalarga e’tibor qaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 sen — Sputnik. O‘zbekistonda "Aholi salomatligi-2030" strategiyasi ishlab chiqiladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-sentabrdagi “Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Strategiyada quyidagilarga asosiy e’tibor qaratiladi:
aholini maksimal qamrab olgan holda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini unga yanada yaqinlashtirish;
fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanishini va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni aholi orasida har tomonlama targ‘ib qilish;
onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining bu boradagi ehtiyojlarini qondirish;
ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirish;
sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, qog‘ozbozlikka, asossiz burokratiyaga va navbatlarga chek qo‘yish, aholiga tibbiyot muassasalariga murojaat qilganida qulayliklar yaratish;
zamonaviy va samarali boshqaruv usullarini joriy qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish;
xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish hamda yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish;
tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
farmatsevtika tarmog‘ini samarali tartibga solish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi qayta tashkil etilgan Salomatlik va strategik rivojlanish instituti bilan birgalikda ikki oy muddatda 2024−2026 yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturini ishlab chiqadi.