TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Toshkentdagi O‘zbekiston Badiiy akademiya Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Toshkent-2023” II Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi bo‘lib o‘tayapti. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
“Mazkur simpozium haykaltaroshlik san’ati orqali ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusini xalqimiz ongiga chuqurroq singdirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy-landshaft qiyofasini rivojlantirish uchun marmardan haykaltaroshlik asarlari yaratish, xorijlik haykaltaroshlar bilan samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashish uchun qulay shart-sharoitni yuzaga keltirish maqsad qilingan”, - deydi vazir Aziz Abduhakimov.
Ta’kidlanishicha, bu galgi simpoziumda Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Argentina, Hindiston, Turkiya, Eron, Rossiya, Gruziya va Belarus kabi davlatlardan 10 nafar xorijiy va 11 nafar o‘zbekistonlik haykaltaroshlar qatnashmoqda.
Simpozium davomida tajribali haykaltaroshlar tomonidan urbanizatsiya, “yashil” rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, Orol fojiasi oqibatlari haqida monumental va dekorativ asarlar yaratiladi. Simpozium bir oy davom etadi.
Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi ilk bor 2022-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan edi.