Samarqandda biokimoviy tadqiqotlar o‘tkazuvchi xalqaro laboratoriya tashkil etildi

Qo‘shma laboratoriyada hayvon suyaklarini o‘rganish va ular ustida biokimoviy tadqiqotlar olib boriladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Samarqandda xalqaro qo‘shma laboratoriya tashkil qilindi, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi.
Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Xitoyning Shensi provinsiyasi bilan hamkorlikda “Inson va atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha “Bir makon, bir yo‘l” Xitoy — Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu yirik ilmiy loyiha Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy universiteti tashabbusi bilan Butunjahon turizm tashkiloti (UNVTO) shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi binosida tashkil etilmoqda.
“Laboratoriya hayvon suyaklarini o‘rganish va ular ustida biokimoviy tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan 2 ta qismdan iborat bo‘lib, ushbu laboratoriyada O‘zbekiston hududida topilgan har qanday arxeologik qazishma materiallarini tadqiq qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi”, - deyiladi xabarda.
Qo‘shma laboratoriyani qurish uchun Xalqaro turizm akademiyasining 8-qavatida jami 395 kvadrat metr maydon ajratilgan.
Bugungi kunda, Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti tomonidan qiymati 1 mlrd 587 mln so‘mga teng bo‘lgan 36 turdagi jami 90 dona laboratoriya jihozlari va maxsus uskunalar xarid qilinib, tez kunlarda jihozlash ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.
Laboratoriya qurilishini muvofiqlashtirish hamda jihozlash ishlarini maxsus standartlar asosida bajarilishini nazorat qilish maqsadida Shimoli-g‘arbiy universitetining 2 nafar mutaxassisi laboratoriya qurilishida ishtirok etishmoqda.