Putin Saudiya Arabistoni shahzodasi bilan suhbat qildi

Putin va Salmon Ol Saud OPEK+ doirasidaga hamkorlik hamda Saudiya Arabistonining BRIKSga qo‘shilishi masalalarini muhokama qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon suhbati o‘tkazdi, deb xabar berdi Kreml matbuot xizmati.
Suhbat davomida "OPEK+" doirasida erishilgan kelishuvlar hamda Rossiya va Saudiya Arabistori tomonidan kunlik neft qazib olishni ixtiyoriy cheklash choralari jahon energetika bozorida barqarorlikni ta’minlayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Saudiya shahzodasi Saudiya Arabistonining BRIKSga qo‘shilish so‘rovini izchil qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya prezidentiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Putin Ar-Riyodni ushbu qarori bilan tabrikladi va Rossiyaning 2024-yilda uyushmaga raisligining ustuvor yo‘nalishlari haqida aytib berdi.
Bundan tashqari, suhbatdoshlar savdo-iqtisodiy, transport-logistika va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, ushbu formatdagi muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, OPEK+ a’zollari 2022-yil oxirida jahon bozorida neft narxini barqaror ushlab turish maqsadida kunlik neft qazib olish hajmini qisqartirishga kelishib olishgan edi. Bunga qo‘shimcha ravishda Saudiya Arabistoni kunlik qazib olish hajmini 1 mln tonnaga, Rossiya 300 ming tonnaga qisqartirishni o‘z bo‘yniga olgan. So‘nggi kunlarda London birjasida neft narxi 90 dollardan oshgan.
Saudiya Arabistoni 22-24 avgust kunlari Janubiy Afrika raisligida Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng BRIKSga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklif oldi. Tashkilotga BAA, Eron, Argentina, Misr va Efiopiya ham taklif etilgan. Ayni damda ularning arizalari qabul qilingan va to‘liq a’zolik 2024-yil 1-yanvardan boshlanadi.