TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Ertaga Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ish boshlaydi, deya xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Samarqandda 7-8-sentabr kunlari oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda 30 dan ziyod davlatdan kelgan ishtirokchilar o‘z mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berishadi.
Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ish boshlaydi
Bundan tashqari, anjuman doirasida 8 ta texnik sessiya tashkil etiladi va ularda yer resurslari, agrar sohani raqamlashtirish, innovatsiyalar va agrologistika masalalari ham muhokama etilib, ularda dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatlar tajribalariga alohida urg‘u beriladi.
“O‘zaro muhokamalar, taklif-mulohazalar va bildirilgan tavsiyalar jamlanib, konferensiya yakunida Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari bo‘yicha konsultativ guruh bilan birgalikda ilm-fan va ta’lim doiralari uchun davra suhbati ham tashkil etiladi. Unda qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari o‘rganiladi. Davra suhbatida o‘zbekistonlik 200 nafar tadqiqotchi, shuningdek 20 dan ziyod mamlakatdan 150 dan ortiq xorijiy olimlar qatnashishi rejalashtirilgan.
Konferensiya doirasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmada O‘zbekistonning agrooziq-ovqat sohasida erishgan yutuqlari keng namoyish etiladi. Unda urug‘chilik, bog‘dorchilik, chorvachilik sohalari, oziq-ovqat ishlab chiqarishning butun sikli (klasterlar va kooperatsiya, qayta ishlash, agrologistika), issiqxona xo‘jaliklari, ilmiy izlanishlar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.