Shavkat Mirziyoyev Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Hamdardlik Mirziyoyev, Norboyeva, Ismoilov, Aripov, Sultonov, Nazarbekovlar tomonidan bildirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Hamdardlik prezident Shavkat Mirziyoyev, yuqori palata raisi Tanzila Norboyeva, quyi palata spikeri Nuriddin Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov, prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovlar tomonidan bildirilgan.
Unda qayd etilishicha, Sherali Jo‘rayev o‘zining noyob iste’dodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qo‘shiqlar yaratib, xalqimiz o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotning ko‘plab she’riy namunalarini kuyga solib, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qo‘shdi.

"Sherali Jo‘rayev ko‘p yillik samarali ijodi bilan zamonaviy milliy san’atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, uning shuhratini chet ellarda keng targ‘ib etish borasida ham fidoyilik ko‘rsatdi. U jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Ayniqsa, milliy parlamentimiz deputati sifatida mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida jonbozlik bilan faoliyat olib bordi", - deyiladi xabarda.

Keyingi yillarda “Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali mehnat qilib, xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlashda munosib xizmat qildi.
Mohir san’atkor o‘zbek milliy qo‘shiqchiligida o‘z ijodiy maktabini yaratib, ko‘plab yosh iste’dod egalarini tarbiyaladi.

​"Betakror san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Sherali Jo‘rayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi", - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev uzoq davom etgan hastalikdan so‘ng 77 yoshida vafot etdi.