SamDU filialida beton plita qulab tushishi yuzasidan jinoiy ish ochildi

Hodisa oqibatida 6 nafar talaba qiz tan jarohati olgan.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Samarqand davlat universiteti (SamDU) Kattaqo‘rg‘on filialida faollar zalida o‘tkazilayotgan tadbir vaqtida binoning beton plitasi qulab tushgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 258-moddasi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish ochilgan.
4 sentabr kuni SamDUning Kattaqo‘rg‘on filiali shiftining plitasi qulab tushdi. Universitet matbuot xizmati 2 nafar 1-kurs talabasi jarohat olganini ma’lum qildi.
Keyinroq Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari 6 nafar talaba qiz tan jarohati olganini ma’lum qildi.
Hozir binoning qurilishi hamda mukammal ta’mirlanishi holati mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganilmoqda.
Filial Kattaqo‘rg‘on shahri Amir Temur ko‘chasi 27-uyda joylashgan o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008-yilda foydalanishga topshirilgan.
2008—2018 yillarda SamDChTI qoshidagi akademik litsey sifatida, 2019—2021 yillar davomida Kattaqo‘rg‘on shahar 7-maktabi faoliyat olib borgan.
2021 yilda Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etilishi munosabati bilan mazkur bino filial balansiga o‘tkazilgan.