TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Kemerovoda Usmon Nosir haykali ochildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi.
Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida o‘zbek xalqining otashin shoiri Usmon Nosir haykali ochildi.
Marosimda O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxbor elchisi Botirjon Asadov, Rossiya tashqi ishlar vazirligi Novosibirskdagi shahri vakili Nikolay Afanasyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Toshmuhamedov va boshqa ijodkorlar ishtirok etishdi.
"Shavkat Mirziyoyevning "Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"ga qarorida Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi va "Shahidlar xotirasi" jamg‘armasiga Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida Usmon Nosir xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatish va uning tantanali ochilish marosimini o‘tkazish vazifasi belgilangan edi", - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, haykal muallifi Konstantin Zenich.
Usmon Nosir 1912-yilning 13-noyabrida Namanganning Chuqurko‘cha dahasida dunyoga keladi. Shoir to‘rt yoshligida otasi vafot etadi. Onasi Xolambibi Nosirhoji ismli insonga turmushga chiqadi va oila Qo‘qonga ko‘chib o‘tadi. Shunda Nosirhoji yosh Usmonni bolalar uyiga topshiradi. Usmon Nosir maxsus internatda ta’lim oladi.