O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlikni kuchaytiradi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi va o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Minskda Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Senati axborot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama mustahkamlayotgani, mamlakat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch va do‘stona muhitda rivojlanayotganligi qayd etildi.
Minskdagi uchrashuv
Tomonlar ikki davlat parlament vakillari MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro parlament tashkilotlari doirasida ham faol hamkorlik qilishayotganiga urg‘u berishdi.
Qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati sohasida o‘zaro tajriba almashish, hududlar forumini o‘tkazish orqali mamlakatlar hududlari o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, hududlarni raqamli rivojlantirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Ikki davlat o‘rtasida turli sohalarda erishilgan kelishuvlarni parlamentlar faoliyati doirasida huquqiy jihatdan ta’minlashga kelishib olindi.
Oliy Majlis Senati va Milliy majlis Respublika Kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga umid bildirildi.
Bo‘lajak forum ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflarni muhokama qilish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, forumning yakuniy hujjati (deklaratsiya) ikki mamlakat tadbirkor ayollari ishtirokida yangi qo‘shma biznes loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tanzila Narbayeva Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
Shundan so‘ng ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi, Belarus Respublikasi Milliy majlisi huzuridagi Yoshlar kengashi (parlamenti) va O‘zbekiston Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hamda “Belarus ayollar ittifoqi” respublika jamoat birlashmasi hamda O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzoladilar.
Tanzila Norboyeva Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi — muhokama etilgan masalalar