Putin va Erdog‘an uchrashuvi natijalari — tafsilotlar

Barcha mavzular bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirib olish juda foydali bo‘ldi, dedi Putin Erdog‘an bilan uchrashuv yakunida.
Sputnik
Bugun Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Toyyib Erdog‘an uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda prezidentlar ikki davlat orasidagi kelishuvlar va xalqaro miqyosga bo‘lgan qator masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.

AES qurilishi

Rossiya mutaxassislari yordamida Turkiyada AES qurilishi ildam qadamlarp bilan olib borilmoqda. “Akkuyu” AESning birinchi energobloki 2024-yilda ishga tushadi. Bir vaqtining o‘zida Turkiya ikkinchi atom elektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda.

"Akkuyu" AES qurilishi ham xuddi shiddat bilan davom etmoqda va bugun biz atom elektr stansiyasi sohasida ikkinchi qadam “Sinop” elektr stansiyasini muhokama qildik. Ushbu ishlar natijasida Turkiya rivojlanish borasida oldinga “sakrash qiladi”. Janob Putinga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman va tashrifim mamlakatlarimiz va mintaqamizga foyda keltirishini tilayman", - dedi Erdog‘an.

“Don bitimi”

Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokidagi “don bitimi” hozircha qayta tiklanmaydi. Lekin Rossiya kelishuvning Rossiyaga taaluqli shartlari bajarilganidan so‘ng uni darhol qayta tiklashga tayyor.

“Biz ularning va’dalariga ishonib, “don bitimini” uch marotaba uzaytirdik, lekin ular bizni yana aldashdi. Endi biz bu kelishuvga qarshi emasligimizni aytamiz, bizga berilgan va’dalar amalga oshishi bilan darhol unga qaytishga tayyormiz”, - dedi Putin.

Eslatib o‘tamiz, “don bitimi” shartlariga muvofiq G‘arb Rossiya qishloq xo‘jalik mahsulotlari va Rossiya o‘g‘itlari eksportiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashi, “Rosselxozbank”ni SWIFT tizimiga qayta ulashi boshqa talablar bor edi.

Bepul bug‘doy

Rossiya 1 mln tonna Rossiya bug‘doyini bepul eng kambag‘al mamlakatlarga jo‘natishga tayyor. “Don bitimi” natijalaridan qat’iy nazar, dedi Rossiya prezidenti.
Bir million tonna bug‘doy dastlab Turkiyaga yetkazib beriladi, u yerda bug‘doy un qilinib, Afrikaning 6 ta davlatiga tarqatiladi.

"Biz janob Putin bilan kambag‘al mamlakatlarga don jo‘natish tashabbusini muhokama qildik. Biz bunday ishlarni amalga oshirishga rozimiz. Unga qayta ishlangan Rossiya donini qashshoq mamlakatlarga jo‘natishimiz mumkinligiga kelishib oldik", - dedi Erdog‘an.

Ushbu tashabbusda Qatar ham ishtirok etishga tayyor.
“Qatar tomoni Rossiya g‘allasini qayta ishlangan unni kambag‘al mamlakatlarga yetkazib berish loyihasida Qatar-Rossiya-Turkiya formatida ishtirok etishga tayyor. Qatar bu ishda moliyaviy ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi”, — dedi u.
Bir-ikki hafta ichida Rossiya Afrikaning oltita davlatiga tekin don yetkazib berishni boshlaydi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
"Biz Afrikaning oltita davlati bilan kelishuvni yakunlash arafasidamiz. Biz ularga bug‘doyni nafaqat bepul berish, balki uni yetkazib berish xarajatlarini ham qoplash niyatidamiz. Muzokaralar deyarli yakuniga yetdi, yetkazib yaqin 2-3 hafta ichida boshlanadi”, - dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya – Turkiya – Qatar ishtirokidagi tashabbusni “don bitimi”ga muqobil deb hisoblamaydi, “bu alohida tashabbus”, dedi Rossiya prezidenti.

Rossiya yaxshi hosil oldi

Rossiya prezidenti aytishiga ko‘ra, bu yil Rossiyada hosil yaxshi bo‘lgan va uning 60 mln. tonnasi eksportga yuboriladi.
"Bu yil hosilimiz yaxshi bo‘ladi. O‘tgan yili 158 million tonna bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 130 million tonna bo‘ladi. Eksport salohiyati 60 million tonna darajasida qoladi", — dedi Putin.

Turkiya to‘liq ta’minlanadi

Putin Rossiya Turkiyaning donga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishiga ishontirdi.

"Turkiya bizning katta hamkorimiz. Turkiyada yirik donni qayta ishlash sanoati bor, biz buni bilamiz va Turkiya Respublikasining ehtiyojlarini to‘liq qondiramiz", - dedi Putin Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘an bilan muzokaradan so‘ng.

Ukraina buzg‘unchiligi

Ukrainaning ekipajsiz kemalari Rossiyadan Turkiyaga ulangan gaz quvarlarini o‘qqa tutmoqda, dedi Rossiya prezidenti.
"Rossiyadan Turkiyaga gaz yetkazib beruvchi "Turk oqimi" va "Moviy oqim"ga gaz quvurlari hujum qilishga urinishlar qilinmoqda. Bizning kemalarimiz bu oqimlarni, quvur tizimlarini qo‘riqlaydi va ularga doimiy ravishda hujum qilinadi. Jumladan, uchuvchisiz samolyotlar yordamida. Bu hujumlarni Ukraina Qora dengiz portlaridan jo‘natgan”, — dedi Putin Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘an bilan muzokaradan so‘ng.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya doimo oziq-ovqat eksporti uchun mo‘ljallangan yo‘laklardan harbiy maqsadlarda foydalanilmasligini ta’minlashga harakat qilgan.

Qarshi hujum

Vladimir Putin Ukrainaning maxsus harbiy operatsiya zonasida o‘tkazgan qarshi hujumini izohlar ekan, “bu to‘xtab qolish emas, bu mag‘lubiyat”, dedi va keyingi qarshi hujumga urinishlar ham barbod bo‘lishiga umid bildirdi.
"To‘xtab qolgan qarshi hujumga kelsak, bu to‘xtab qolish emas, mag‘lubiyat. Hech bo‘lmaganda, bugungi kungacha vaziyat shunday. Keling, keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz, umid qilamanki, bu shunday davom etadi", - dedi Putin.

Tinchlik yo‘lida

Turkiya prezidentining aytishiga ko‘ra, Anqara va Moskva o‘rtasidagi yaqin munosabatlar mintaqaviy muammolarni hal qilishga yordam beradi.
"Biz janob Putin bilan ham mintaqaviy jarayonlarni muhokama qildik. Rossiya bilan yaqin aloqalarimiz mintaqaviy va global muammolarni hal qilishga hissa qo‘shishda davom etadi", - dedi Turkiya rahbari.
Putin ham Erdog‘anga Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi
“Albatta, Turkiya prezidentidan bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdormiz. Turkiya prezidenti Ukrainadagi vaziyatni tartibga solishga, jumladan, yuzma-yuz suhbatlarga ham har doim katta e’tibor bergan va berapti, - dedi Putin matbuot anjumanida.

Turkiya vositachiligi

Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatish maqsadida uchinchi tomonning vositachilik xizmatlaridan bosh tortmaymiz, lekin hozircha hech qanday yangi taklif eshitmadik, dedi Rossiya prezidenti.

"Biz ba’zi yangi tashabbuslar haqida eshitapmiz, lekin bu biz bilan hech qachon muhokama qilinmagan narsa. Shuning uchun biz yangi hech narsani sezmayapmiz. Vositachilik xizmatlariga kelsak, biz ularni hech qachon rad etmaganmiz", - dedi Putin.

Uning ta’kidlashicha, Turkiya prezidenti “Ukraina atrofidagi inqirozni hal qilish” harakatlariga, jumladan, dushanba kuni Sochidagi muzokaralarda hamisha katta e’tibor qaratgan.

"Biz Turkiya prezidenti vositachiligida, Rossiya va Ukraina orasida ayrim kelishuvlarga erishilganini, hujjatlar loyihalari tayyorlanganini bilamiz, ammo keyin Ukraina ularni axlat qutisiga jo‘natdi. Endi bunga shunchaki hech kim qaytmaydi", — dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Xitoy va Afrika davlatlarining vositachilik tashabbuslaridan xabardor va Turkiya prezidentining bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari uchun ham, albatta, undan minnatdor.
"Aytmoqchimanki, Rossiya hech qachon (Ukraina bo‘yicha) muzokaralardan bosh tortmagan va hozir ham rad etmayapmiz”, — dedi Putin.
Putin aytishiga ko‘ra, Turkiya prezidenti bugungi uchrashuv chog‘ida ham bu masalani ko‘targan.

Liviya mojarosi

Liviyadagi ko‘p yillik inqirozni muzokaralar va murosalar yo‘li bilan hal qilish, Liviya davlatining qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kompleks yondashuv zarur, dedi Putin Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘an bilan muzokaradan so‘ng.
“Liviyadagi vaziyat bo‘yicha fikr almashish chog‘ida ushbu mamlakatdagi ko‘p yillik inqirozni muzokaralar va murosa yo‘llarini izlash asosida har tomonlama hal etish majburiyati yana bir bor tasdiqlandi”, — dedi Putin.
Prezident bu masalada zo‘ravonlik avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik va Liviya davlati qulashiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini qo‘shimcha qildi.

Suriya mojarosi

Suriyaliklar o‘z mamlakati kelajagini tashqi bosimsiz o‘zlari belgilashi kerak, dedi Rossiya prezidenti.
"Biz Suriya inqirozini hal qilishda ushbu mamlakat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish kabi asosiy yondashuvlarni baham ko‘rishimiz muhim. Biz bu davlatni to‘liq miqyosda tiklashni boshlash uchun zarur ekanligini tushunamiz. “Milliy yarashuv va kelishuvga erishamiz va biz Suriyaning kelajagini, tashqaridan hech qanday tayyor modellarni singdirmagan holda suriyaliklarning o‘zlari belgilashi kerak degan nuqtayi nazardan kelib chiqamiz”, — dedi Putin.

Foydali uchrashuv

Turkiya bilan pozitsiyalarni kelishib olish juda foydali, muloqot mazmunli va samarali bo‘ldi, dedi Vladimir Putin bugun Sochida Erdog‘an bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng.
"Umuman olganda, yuqoridagi va boshqa mintaqaviy mavzular bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirib olish juda foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Xulosa qilib aytganda, hamkorlik, mazmunli va samarali muloqot uchun yana bir bor minnatdorchilik bildirmoqchiman", — dedi Putin uchrashuv yakunida.
Rossiya prezidenti bugungi muzokaralar Rossiya-Turkiya hamkorligini barcha sohalarda yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.