Farg‘onada Xitoyning elektrobus va quyosh panellari ishlab chiqariladi — tafsilotlar

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Dongfeng Motor, Luoyang Grasen Power Technology va Tunghsu Group kabi yirik kompaniyalari vakillaridan iborat investorlar delegatsiyasini qabul qildi.
Sputnik
TOShKENT, 3 sen — Sputnik. Farg‘onada Xitoyning Dongfeng elektrobuslarini, Grasen Power elektromobillar uchun zaradlovchi qurilmalarini hamda Tunghsu quyosh panellarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Dongfeng Motor, Luoyang Grasen Power Technology va Tunghsu Group kabi yirik kompaniyalari vakillaridan iborat investorlar delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatda Dongfeng elektrobuslarini ishlab chiqarish loyihasi, shuningdek, Luoyang Grasen Power Technology kompaniyasi tomonidan rejalashtirilayotgan elektromobillar uchun zaradlovchi qurilmalarni, Tunghsu Group tomonidan quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihalari muhokama qilindi.
“Dongfeng Motor tomonidan rejalashtirilayotgan loyihaning birinchi bosqichida 4 gektar maydonda 45 mln. dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirish hisobiga elektrobuslarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, 2025-yilda yana 50 mln. dollar investitsiya kiritish hisobiga amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan ikkinchi bosqichda elektrotransportlar akkumulyatorlarini hamda boshqa butlovchi qismlarini mahalliylashtirish, shuningdek, hududlarda texnik servis xizmatlarini tashkil etish belgilangan”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, elektromobillar uchun zaradlovchi qurilmalarni ishlab chiqarishda kiritilishi ko‘zda tutilayotgan investitsiya hajmi 30 mln. dollarni tashkil etadi.
Tunghsu Group kompaniyasi rahbarlari esa quyosh panellari ishlab chiqarish loyihasiga 50 mln. dollar investitsiya yo‘naltirmoqchi.
Ushbu loyihalar Furqat tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, viloyatda Xitoy kapitali ishtirokida jami 138 ta korxona faoliyat olib bormoqda, 2022-yilda 375,1 mln. dollar Xitoy sarmoyasi jalb etilgan, bugungi kunda Xitoy bilan hamkorlikda 25 ta loyiha doirasida qiymati 1 mlrd. 224 mln. dollarlik investitsiya kiritish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar yuzasidan Yo‘l xaritasi ishlab chiqishga kelishib olindi.