TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Qabr poyiga gul qo‘yib, Birinchi prezident xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Islom Karimov maqbarasi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, davlat boshqaruvini yangidan qurgan, tariximizning murakkab va og‘ir davrlarida barqarorlikni saqlab, xalqimiz manfaatlarini ta’minlagan", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev uning bu xizmatlarini munosib qadrladi. Davlat rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Mamlakatdagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilindi, Samarqandda maqbara barpo etildi.
"Fidoyilarini e’zozlaydigan xalqimiz Birinchi Prezidentimizni hurmat bilan yodga oladi. Ushbu xotirlash marosimi ham o‘tganlar yodiga hurmat, yosh avlodga ibrat maktabidir", deyilgan xabarda.
Marosimda parlament va hukumat a’zolari, jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.