TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun Kiyev Qrimni egallab ololmaydi, deb yozdi Lukas Leyros InfoBRICS uchun maqolasida.
Qarshi hujum mutlaqo muvaffaqiyatsiz bo‘ldi va bu ssenariyni o‘zgartirishi dargumon, — deyilgan materialda.
Sharhlovchiga ko‘ra, Ukraina QKning muvaffaqiyatli qarshi hujum o‘tkazishga to‘liq qodir emasligi Kiyevning o‘z asosiy maqsadi – Qrimni qo‘lga kiritishning imkoni yo‘qligini ko‘rsatdi.
Rossiya harbiylari Ukraina Qurolli Kuchlariga og‘ir zarba berdi, natijada ko‘p sonli Ukraina askarlari va NATO qurollari yo‘q qilindi, bu esa Kiyev qo‘shinlarini hatto yarim orolga etib borishga urinish imkoniyatidan mahrum qildi, deya ta’kidladi Leyros.
"Ukraina harbiy ishlarning elementar konsepsiyasini o‘jarlik bilan buzayotganga o‘xshaydi, ya’ni askarning hayoti hududdan muhimroq. Agar askarlar tirik qolsa, hududlarni keyinroq qo‘lga kiritish mumkin, ammo askarlar halok bo‘lsa unda u yerda hech qanday hududlar egallanmaydi”, — dedi jurnalist.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha bor Qrimni egallash istagini bildirgan. Avvalroq u yarimorolni “de-okkupatsiya qilish” bo‘yicha keng qamrovli qadamlar ro‘yxati tayyorlanishini e’lon qilib, uni “Ukraina davlat to‘qimalari”ga tezda qayta integratsiya qilishga va’da bergan edi.
4 iyun kuni Kiyev Shimoliy Atlantika alyansi tomonidan tayyorlangan va G‘arb harbiy texnikasi bilan qurollangan jangovar brigadalarni tashlab, Yujnodonesk, Artyomovsk va birinchi navbatda Zaporojye yo‘nalishlarida faol harbiy harakatlar boshladi.
21 iyul kuni Vladimir Putin dushman hech qanday natijaga erisha olmagani va G‘arb kuratorlari “qarshi hujum”dan hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlariga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berish ham, minglab yollanma askar va maslahatchilar ham yordam bera olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida mamlakat harbiy qo‘mondonligi ko‘proq odamlarni safarbar qilmoqchi ekanini aytgandi.