TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekiston Misr bilan islomiy kreditlash masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati xabar berdi.
SSP raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov va Misrning Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi bosh kotibi Yusef Xalavi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar islomiy kreditlash masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston tomoni "Qishloq qurilish banki"ning "Biznesni rivojlantirish banki" bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shu bois tadbirkorlarni islomiy kreditlash shartlari qiziqtirayotgani ta’kidladi.
Yusef Xalavi Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi kuchli tahliliy-axborot bazasiga egaligi va dunyo mamlakatlarining texnik-iqtisodiy tahlillarini olib borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Misr tomoni mazkur xizmatlar Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi a’zolari uchun bepul ekanligini va bundan manfaatdor mamlakatlardagi potensial investorlarga yordam berishi haqida ham qayd etdi.
Yusef Xalavi palatalar o‘rtasida tegishli bitim imzolanishi maqsadga muvofiqligini ta’kidladi hamda Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasiga a’zo bo‘lish taklifini berdi.
Ma’lumot uchun, Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi 1976-yilda Islom hamkorlik tashkiloti shafeligida tashkil etilgan. Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda xususiy musulmon tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan.
Palata Kengashi 18 kishidan iborat. Karachi, Qohira va Istanbulda filiallari bor. Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasining barcha musulmon mamlakatlari uchun Arbitraj markazi esa Istanbulda joylashgan.