TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oktabr oyida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu Xitoy raisi Si Szinpinning O‘zbekiston rahbariga Mustaqillik bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigidan ma’lum bo‘ldi.
"Bir makon, bir yo‘l" uchinchi xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etish uchun joriy yil oktabr oyida yana Xitoyga kelishingizni intiqlik bilan kutib qolaman", - deyilgan tabrikda.
Xitoy yetakchisi u Xitoy-O‘zbekiston munosabatlariga alohida ahamiyat qaratishini ta’kidlagan. Ikki davlatning har tomonlama strategik sherikligining barqaror va izchil rivojlantirish hamda xitoy-o‘zbek hamjamiyatining qurilishiga yangi turtki berish uchun hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
"Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi 2013-yilda Xitoy rahbari Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan. Birinchi xalqaro forum 2017-yilda o‘tkazilgan. Xitoy ilgari surgan mazkur tashabbus ikki yo‘nalish - quruqlik va dengiz yo‘llarini rivojlantirish va o‘zaro bog‘lash orqali davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.
2019 yilning aprel oyida ikkinchi “Bir makon, bir yo‘l” forumi o‘tkazilgan edi. Uchinchi forum joriy yil kuzida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.