TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Belarus respublikasi hududida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) “Jangovar birodarlik-2023” mashg‘ulotlari rasman boshlandi, ular 6-sentabrgacha davom etadi, deb xabar beradi RIA Novosti muxbiri.
“Jangovar birodarlik-2023” mashg‘ulotlarida KXShT davlatlari harbiy kontingentlari, tezkor guruhlar, politsiya (militsiya) kuchlari, KXShT davlatlari Favqulodda vaziyatlar vazirliklari bo‘linmalari, qo‘shma shtab-kvartiraning tezkor guruhlari va KXShT kotibiyati, Belarus Davlat chegara qo‘mitasi bo‘linmalari jalb etilgan.
Mashg‘ulotlarga jami 2500 dan ortiq harbiy xizmatchi hamda 500 dan ortiq qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika jalb etilgan. Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin aytishiga ko‘ra mashg‘ulotlar ko‘proq shtab-o‘quvlari xarakteriga ega.
Minsk 2023-yilda KXShTga raislik qiladi, unga olti davlat: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi. Armanistondan tashqari barcha davlatlar o‘z harbiy kontingentlarini KXShT mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun jo‘natgan.
Juma kuni "Brest qahramon qal’asi" yodgorlik majmuasining tantanali marosimlar maydonida mashg‘ulotlarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Milliy harbiy kontingentlar shakllantirilgunga qadar yodgorlik majmuasining Mangu olovi yoniga yettita bayroq ustuni o‘rnatilib, ularga Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti va tashkilotga a’zo davlatlar bayroqlari o‘rnatildi.
Marosimda KXShT bosh kotibi Imangali Tasmagambetov, KXShT Birlashgan shtabi boshlig‘i Anatoliy Sidorov, Belarus Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Viktor Gulevich, Belarus Xavfsizlik Kengashi davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Pavel Muraveyko, Brest viloyati ijroiya qo‘mitasi Yuriy Shuleyko ishtirok etgan.
Marosim ishtirokchilari Ulug‘ Vatan urushida Brest qal’asini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi, ularning xotirasini bir daqiqalik sukut bilan yodga oldi va Mangu alangaga gul qo‘ydi. Tantanali marosimdan so‘ng harbiy qismlar tantanali marshga o‘tdi, so‘ngra mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan joyga yo‘l oldi.