TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
O‘z tabrik so‘zida prezident o‘tgan 32-yilga nazar solib, bo‘lib o‘tgan qiyinchiliklar va erishilgan yutuqlarni aytib o‘tdi.
"O‘ttiz ikki yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetdi. Xuddi shu singari, bugungi O‘zbekiston ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllandi", - dedi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident o‘z tabrik so‘zida o‘qituvchilar, dehqonlar, harbiylar, tadbirkor va hatto xorijda yashayotgan vatandoshlarni ham aytib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev pozdravil uzbekistansev s Dnem Nezavisimosti
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Mana shu shukuhli damlarda har qanday sharoitda ham o‘z kasbiga sodiq qolib, yosh avlodimizga ilm-fan asoslarini o‘rgatib kelayotgan hurmatli muallim va murabbiylarni, xalq salomatligi yo‘lida o‘zini ayamasdan xizmat qilayotgan jonkuyar shifokorlarni, el-yurt dasturxonini yanada to‘kin qilish uchun dalalarimizda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizni, ona yurtimiz qalqonlari bo‘lgan jasur harbiylarimizni, iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan tadbirkorlarimizni, o‘zining dastlabki yutuqlari bilan barchamizni xursand qilayotgan azmu shijoatli yoshlarimizni, qalb to‘la mehri, ulug‘ fazilatlari bilan xonadonlarimiz ustuni bo‘lib kelayotgan hurmatli opa-singillarimizni, har bir ishda duogo‘y bo‘lib, bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan muhtaram otaxon va onaxonlarimizni, dunyoning qaysi o‘lkasida bo‘lsa ham, O‘zbekiston sog‘inchi bilan yashayotgan aziz vatandoshlarimizni, bir so‘z bilan aytganda, 36 millionlik butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev shuningdek, tarixiga nazar solib, qatag‘on yillarida ayblangan 856 nafar o‘zbekistonliklar oqlanganini, paxta siyosati oqibatlari va boshqa muhim voqealarni ham ayti bo‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev pozdravil uzbekistansev s Dnem Nezavisimosti
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Prezident qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar yangi darajaga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.
"Prezident sifatida dastlabki ishlarimdan biri qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatish bo‘ldi. Yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar hal etildi. Buning natijasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, respublika so‘nggi yillarda erishgan iqtisodiy yutuqlar ham tilga olindi.
"So‘nggi 6-yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik subyektlari soni 2 karra ko‘paygani, sanoatdagi o‘sish 40 foizdan oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Qisqa muddatda kambag‘allikni 2 barobardan ziyod qisqartirishga erishdik", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar ham alohida aytib o‘tildi.
"2022 yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital ta’mirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Maktablar uchun 30 mingdan ortiq kompyuter xarid qilind. Yangi o‘quv yilidan respublikamiz maktablarida xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari bolalarimizga dars beradi", - dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni, ularning yaxshi ta’lim olishi, kasb o‘rganishiga ham so‘nggi yillarda katta e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi.
"Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir. Hurmatli xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini, kasb sohasi bo‘yicha o‘sishini ta’minlash borasida o‘tgan davrda ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, bu yo‘nalishda qiladigan ishlarimiz ham oz emas", - dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev pozdravil uzbekistansev s Dnem Nezavisimosti
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda fidokorona mehnat qilib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizga, ona xalqimga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Siz, azizlarni, kattayu kichik barcha vatandoshlarimni bugungi ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan xalqimiz hamisha omon bo‘lsin! Go‘zal yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lsin!
Jonajon Vatanimizga ko‘z tegmasin!", - deb tabrik so‘zlarini yakunladi prezident.
Shavkat Mirziyoyev pozdravil uzbekistansev s Dnem Nezavisimosti
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana