O‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mutaxassislari Eronda amaliyot o‘taydi

Oktabr oyidan boshlab 7 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar amaliyot o‘tash maqsadida Eronga boradi.
Sputnik
TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Eron qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi ilmiy tadqiqot, ta’lim tashkiloti direktori Mojtaba Xayom Nekoiy boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher Shukurov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, soha tarmoqlarining malakali mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, pistachilikni rivojlantirish va pista navlarini yaratish borasida tadqiqot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Eron tomoni ushbu yo‘nalishda tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvlar yakunida Yosh olimlarning xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarda qisqa muddatli ilmiy amaliyotini tashkil etish va buni moliyalashtirish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Ushbu shartnoma asosida joriy yilning oktabr oyidan boshlab 7 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar biotexnologiya, veterinariya, bog‘bonchilik, urug‘chilik, o‘rmonchilik, mexanizatsiya va vaksinatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha “AREEO”da amaliyot o‘tash maqsadida Eronga boradi.