O‘zbekiston Rossiyaning Belgorod viloyatiga insonparvarlik yordami jo‘natdi

Rossiyaning Belgorod viloyatiga 12 tonna insonparvarlik yordami jo‘natildi. Uni O‘zbekistonning davlat, jamoat va nodavlat tashkilotlari to‘plagan.
Sputnik
TOShKENT, 31 avg — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyaning Belgorod viloyati Shebekino tumani aholisiga insonparlik yordami jo‘natdi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Og‘irligi taxminan 12 tonna bo‘lgan gumanitar yordam 26-avgust kuni yetkazib berilgan. U bolalar va kattalar kiyim-kechaklari va poyabzallari, dori-darmonlar, shuningdek, birinchi sinf o‘quvchilari uchun maktab to‘plamlaridan iborat.
Ta’kidlanishicha, insonparvarlik yordamini O‘zbekistonning davlat, jamoat va nodavlat tashkilotlari ko‘rsatgan.

“Rossiya tomoni O‘zbekiston rahbariyati va uning fuqarolariga ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik an’analari, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlarning yuksak darajasini aks ettiruvchi ushbu yaxshilik uchun chuqur minnatdorlik bildiradi”, - deyilgan xabarda.

Rossiyaning Belgorod viloyatin Shebekino tumani Ukraina bilan chegaradosh. Butun Belgorod viloyati hududi bo‘ylab 2022-yil 11-aprelidan buyon terrorchilik xavfining yuqori (sariq) darajasi e’lon qilingan. Bunga Ukraina-Rossiya chegarasidagi vaziyatning keskinlashgani va chegaradosh hududlarda ukrain harbiylari faollashgani sabab bo‘lgan. Ukraina qo‘shinlari Belgorodning chegaradosh hududlarini muntazam o‘qqa tutmoqda. Kuni kecha Ukraina armiyasi viloyatdagi Novaya Tavoljanka qishlog‘ini o‘qqa tutishi oqibatida jarohat olgan erkak kasalxonada vafot etdi. Ukraina otgan snarad aholi turadigan uy oldiga kelib tushgan edi.