Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti va xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

31 avgust kuni Qirg‘iziston Mustaqillikning 32-yilligini nishonlamoqda.
Sputnik
TOShKENT, 31 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Tabrik matni Qirg‘iziston rahbari saytida chop qilingan.

“Biz so‘nggi yillarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sherikchilik davlatlarimiz o‘rtasida izchil mustahkamlanib borayotganidan mamnunmiz. Xususan, joriy yilning 26-27 yanvar kunlari Sizning nodir mamlakatingizga amalga oshirgan tashrifimiz munosabatlarimiz tarixining yarqin sahifasiga kirdi”, - deyiladi Mirziyoyev tabrigida.

O‘zbekiston rahbari Bishkek shahridagi samarali muzokaralar, erishilgan muhim bitimlar va imzolangan qo‘shma loyihalar ikki davlat munosabatlariga yangi turtki berishiga ishonch bildirgan.
Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovga uzoq umr, mustahkam sog‘liq va mas’uliyatli davlat faoliyatida ulkan zafarlar, qirg‘iz xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilagan.
31 avgust kuni Qirg‘iziston Mustaqillikning 32-yilligini nishonlamoqda.