Mirziyoyev besh mamlakat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi — foto

Davlat rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini O‘zbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy qutladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Kecha, 30-avgust kuni O‘zbekistonga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Yuy Szun, Malayziya elchisi Ilhom Tua Bin Ilos, Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov va Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi Muhammad Monirul Islomdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlat rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini O‘zbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy qutladi.
Tantanali marosim O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi davlat mustaqilligining 32-yilligini keng nishonlayotgan paytda o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega ekani qayd etildi.
Joriy yilda muhim siyosiy tadbirlar – yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendum va Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga doir qator muhim masalalarga e’tibor qaratdi.
1 / 9
2 / 9
3 / 9
4 / 9
5 / 9
6 / 9
7 / 9
8 / 9
9 / 9
O‘zbekiston prezidenti Xitoydan yangi tayinlangan elchiga murojaat qilar ekan, Pekin bilan munosabatlar keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
“Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining bir yil avval mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi hamda joriy yil may oyida Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga kuchli sur’at bag‘ishladi”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Malayziya – O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim hamkori.
“Munosabatlarimiz o‘zaro hurmat va an’anaviy do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimizning dolzarb global va mintaqaviy masalalarga doir qarashlari va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.
Buyuk Britaniya O‘zbekistonning uzoq muddatli va muhim hamkoridir.
Keyingi yillarda mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan keng aloqalar yo‘lga qo‘yilib, barqaror rivojlanmoqda, yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyimoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda barcha yo‘nalishlarda – siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, transport, energetika, suv va qishloq xo‘jaligida, madaniy-gumanitar sohada yangi darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Biz savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiy sohada hamkorlikni mustahkamlash va aniq loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish va tranzit hajmini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bangladesh Xalq Respublikasi – Janubiy Osiyo va butun islom olamida tez rivojlanayotgan davlat. Ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqotlar faollashgan.
Marosim yakunida O‘zbekiston prezidenti elchilarga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, bor bilim va sa’y-harakatlarini ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratishlarini ta’kidladilar.