TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Yulduz toifasiga ega mehmonxonalarga doir talablarni belgilaydigan davlat standarti qabul qilindi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi
xabar berdi. Qayd etilishicha, shu yilning 1-oktabrga qadar xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda kamida 50 ta mehmonxonaga "to‘rt yulduz" va 200 tasiga "uch yulduz" olib berish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.
Shu bois Turizm qo‘mitasi tomonidan turizm sohasi ilg‘or rivojlangan davlatlarning mehmonhonalarga yulduz toifasini belgilovchi hujjatlarining talablari o‘rganildi.
Turizm qo‘mitasi qoshidagi STQ 4 “Turizm va madaniy meros” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tomonidan O‘z DSt 3296:2023 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Balli tasniflash tizimi” davlat standarti ishlab chiqildi.
Endilikda joylashtirish vositalari mazkur davlat standartining
ilovasiga muvofiq tasniflanadi. Bunda “m” bajarilishi majburiy bo‘lgan talablarni belgilaydi. Majburiy bo‘lmagan talablar bajarilganda esa qo‘shimcha ball beriladi. Ballar yig‘indisiga ko‘ra tegishli yulduz toifasi beriladi.
Misol uchun, barcha toifa mehmonxonalar uchun tozalik va gigiyena qoidalariga amal qilinish, fasad, balkonlar, lodjiyalarning sifati va holati tashqi nuqsonlarsiz, fasadning oldinga chiqqan elementlari yorilmagan, buzilmagan, shikastlanmagan, metall konstruksiyalarning bir-biri bilan payvandlangan joylari zang dog‘larisiz bo‘lishi majburiy hisoblanadi.
Avtoturargoh, avtomobillar va avtobus to‘xtab turish imkoniyati mavjud bo‘lsa 3 ball beriladi. Avtomobillar uchun o‘ziga o‘zi xizmat qiluvchi yuvish postining mavjudligi uchun 5 ball belgilangan.
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun o‘rindiqli elektron aravacha bo‘lishi majburiy emas, lekin agar u mavjud bo‘lsa u holda mehmonxona 3 balga ega bo‘ladi.
Mazkur davlat standarti joriy yilning 7-noyabridan amalga joriy etiladi. Yangi davlat standarti amalga joriy etilgan sanadan O‘z DSt 3296:2018 davlat standarti o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-yanvardan 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yil 31-dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, xarajatlar
qoplab beriladi.