TOShKENT, 31 avg — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-sentabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.
Subsidiya yagona elektron platforma orqali ajratiladi
Aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma”siga o‘tkaziladi.
Shuningdek, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘quvchilar 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatiladi
Qonunchilikka ko‘ra, har bir tuman (shahar)dagi bittadan maktabda o‘quvchilarni 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar onlayn shakllantiriladi
Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor ma’lumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi.
Shuningdek, bu bo‘yicha ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning YaIDXP (my.gov.uz)dagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.
Ayrim hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinadi
Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi.
Ayrim mahsulotlarning ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi
Qonunchilikka ko‘ra, tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.
Bundan alkogol mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha litsenziya yoki xabarnomaga ega bo‘lgan subyektlar mustasno.
Bank ustav kapitalining eng kam miqdori oshiriladi
1 sentabrdan bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 milliard so‘mni tashkil etishi kerak.
Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 100 milliard so‘mni tashkil etishi lozim edi.
Qishloq xo‘jaligi texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi uchun talon berish bekor qilinadi
Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlar jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida talon berish amaliyoti bekor qilinadi (xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari).
Ko‘p kvartirali uylarning zilzilabardoshligiga ta’sir qiluvchi konstruksiyalar tekshiriladi
1 sentabrdan quyidagilarni aniqlash boshlanadi:
seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;
ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar.
Ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi
“Raqamli hukumat” tizimi doirasida, ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari, qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida “Raqamli hukumat” tizimining yagona identifikatorlari hamda ma’lumotnomalar va tasniflagichlar registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat ma’lumotnomalar va tasniflagichlardan foydalanishlari shart bo‘ladi.
Kommunal sohadagi huquqbuzarliklar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Aholi tomonidan Energetika vazirligining Internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Bunda huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
"Yong‘indan ogohlik" umummilliy kampaniyasi o‘tkaziladi
Qonunchilikka ko‘ra, muntazam ravishda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilib, unda jumladan quyidagilar nazarda tutiladi:
ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;
jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish.
Maktab direktorlariga bir qator huquqlar beriladi
Qonunchilikka ko‘ra, quyidagilar amalga oshiriladi:
maktab direktoriga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi;
tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktab faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi;
hududlarda eng tajribali maktab direktorlaridan iborat Direktorlar kengashlari tuziladi;
maktab direktorlari Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan hududiy boshqarmalar tomonidan ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlanadi.
Bog‘chalarning iste’mol ratsioniga asal qo‘shilishi mumkin
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik iste’mol ratsioniga asal mahsuloti kiritilishi mumkin.
Yangi turdagi stipendiya ta’sis etiladi
Oliy ta’lim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.
Zamonaviy jihozlangan kutubxona va kinoteatrlar tashkil etiladi
1 sentabrdan bosqichma-bosqich zamonaviy jihozlangan kutubxonalar va kinoteatrlar tashkil etiladi.
Shuningdek, musiqa cholg‘uchiligi va ashula ijrochiligi bo‘yicha pullik maxsus kurslarda o‘qitish tizimi joriy etiladi.
Yuridik oliygoh talabalariga ishlashga ruxsat beriladi
Oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi talaba-yuristlariga o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Bolalar uchun muzeylarga kirish bepul bo‘ladi
18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan, ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etiladi.
Ichki ishlar xodimlari fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha o‘qitiladi
1 sentabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini "Fuqarolar bilan ishlash moduli" bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy mas’uliyati oshiriladi.
Bunda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida xodimlar har uch yilda bir marta o‘qitilib, maxsus sinovdan o‘tkaziladi hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini ta’minlaydigan sertifikat beriladi.
Maqolani yozishda Adliya vazirligi ma’lumotlaridan foydalanildi.