TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Minskda o‘tadigan Belarus-O‘zbekiston ayollar biznes forumida mingga yaqin ishtirokchi qatnashadi. Bu haqda MDH Parlamentlararo assambleyasi xabar berdi.
Minskda Belarus Milliy Majlisi respublika kengashi raisi Natalya Kochanova boshchiligida Belarus-O‘zbekiston ayollar biznes-forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Belarus parlamenti yuqori palatasi rahbari 4-7 sentabr kunlari O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘lishini ma’lum qildi.
“Forum doirasida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika, fan va ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladigan oltita seksiya majlisi bo‘lib o‘tadi”, - deyiladi xabarda.
Forumning asosiy voqeasi 6-sentabr kuni– “Ayollar biznesda – Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusidagi yalpi majlis bo‘lib o‘tadi.
Unda 500 dan ortiq kishi ishtirok etadi. Umuman olganda, tadbirda mingga yaqin ishtirokchi qatnashadi.
Forum doirasida 20 ta shartnoma va hamkorlik memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.