TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Germaniyaning "Leopard 2" tanklarini ham ishlab chiqaruvchi Rheinmetall konserni Ukrainadagi yo‘qotishlar va xalqaro raqobat tufayli “ajoyib qurol” ishlab chiqaruvchisi maqomini qisman yo‘qotdi, deb yozadi “Deutsche Wirtschafts Nachrichten”.
Materialda ta’kidlanishicha, "Rheinmetall" o‘n yillardan buyon butun dunyoda talab qilinadigan yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqaradi. G‘arbda Ukrainaga Germaniyaning "Leopard 2" tanklarining yuborilishi “burilish nuqtasi” sifatida taqdim etildi, ammo natijada ular o‘zini oqlay olmadi va jang maydonidan olingan xabarlar salbiy taassurot qoldirdi.
Bundan tashqari, "Rheinmetall" xalqaro bozorda Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilari kabi jiddiy raqobatchilarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq muammoga duch keldi, deyiladi maqolada. Bu yerda muammolarning sababi esa nafaqat Janubiy Koreyaning yuqori sifatli uskunalarni yetkazib berishi, balki uning kompaniyalari buni tez va katta hajmda amalga oshirishi hamdir.
Shu bilan birga, "Rheinmetall" bir necha bor yetkazib berish zanjirlari bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechirdi, bu esa Ukrainaga yetkazib berishda ham kechikishlarga olib keldi. Natijada Germaniya konserni “ajoyib qurol” ishlab chiqaruvchisi maqomini qisman yo‘qotdi, deya xulosa qiladi nashr.
Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, Ukrainaning iyun-iyul oylaridagi qarshi hujumi davomida Germaniyaning 25 ta "Leopard" tanki yo‘q qilingan.