TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Farg‘onadagi korxonada changdan briketlar tayyorlanmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi “Global textile infinity” ip-kalava, kulrang va bo‘yalgan trikotaj matolarni ishlab chiqarish bilan birga paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonada “yashil iqtisodiyot”dan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanmoqda.
Qayd etilishicha, inshootning tom qismiga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.
Korxonada ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan changlardan briketlar tayyorlanmoqda.
“Korxonaga o‘rnatilgan zamonaviy va eng so‘nggi texnologiyalar chang-gazlarni atmosferaga chiqarib yubormasdan, maxsus qurilmalarda ushlab qoladi. To‘plangan chang qayta ishlanib, briket qilinadi, natijada korxonaning ekologiyaga bo‘lgan ta’siri ham kamayadi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, korxonaning tom qismida hosil bo‘lgan yomg‘ir va qor suvlari shunchaki oqizib yuborilmaydi, balki maxsus idishlarda to‘planadi va to‘plangan suv filtrdan o‘tkazilgandan so‘ng hududdagi obodonlashtirish ishlari va daraxtlarni sug‘orishga sarflanadi.
Aytilishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxonaning 1,8 gektar yeriga kuz va bahorgi daraxt ekish mavsumida yana 1000 tupdan ortiq daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, briketlar isitish tizimlarining kaminlar, pechlar va qozonlar uchun qattiq yoqilg‘i sifatida ishlatiladi. Ular deyarli tutunsiz yonadi, shuning uchun ularni uylar, issiqxonalarni isitish uchun foydalaniladi.