O‘zbekiston fuqarolarini "Lukoyl"ga ishga joylashtirish muhokama qilindi

O‘zbekiston fuqarolarini neft ishlab chiqarish sohasidagi "Lukoyl" tizimidagi korxonalarga turli vazifalariga ishga jalb qilish masalasi muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 29 avg — Sputnik. "LUKOIL Uzbekistan Operating Co" kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish masalasi muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Tashqi mehnat migratsiya agentligi.
Uchrashuvda "Lukoyl" kompaniyasi tizimidagi korxonalarga O‘zbekiston fuqarolarini neft ishlab chiqarish va uni qayta ishlash jarayonlarining turli vazifalariga ishga jalb qilish hamda nomzodlarni tanlash va kasbiy tayyorlash tadbirlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, "Lukoyl" Rossiyaning eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biridir, neft qazib olish bo‘yicha Rossiyada ikkinchi o‘rinda turadi. Kompaniya neft qazib olish, neftni qayta ishlash, yoqilg‘i va mashina moylari ishlab chiqarish korxonalari hamda keng tarqalgan AYoQShlar tarmog‘iga ega.
"Lukoyl" Rossiyaning O‘zbekistondagi asosiy investorlaridan biri hisoblanadi. Uning Respublikadagi barcha loyihalarga kiritgan sarmoyasi 10 milliard dollardan oshgan. "Lukoyl" O‘zbekistonda "mahsulot taqsimoti kelishuvlar”i asosida ishlaydi.