Mirziyoyev Bojxona rasmiylashtiruvi markazi bilan tanishdi — foto

Bu yerda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Bugun, 29-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining 2022-yil 27-apreldagi bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, shu maqsadda Davlat bojxona qo‘mitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi barpo etildi.
Prezident ushbu majmuani borib ko‘rdi.
Bu yerda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etilgan.
1 / 9
2 / 9
3 / 9
4 / 9
5 / 9
6 / 9
7 / 9
8 / 9
9 / 9
Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan o‘n barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bu aloqa kanallari tezligini 5 barobarga oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini 2 barobarga qisqartirishni ta’minlaydi. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.
Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.
“Call-markaz”da bojxona organlarining 11-08 ishonch telefoni hamda qo‘mita veb-sayti orqali kelib tushayotgan murojaatlarga javob beriladi.
Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan.
Markaziy bojxona laboratoriyasi ham ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilg‘or uskunalar bilan jihozlandi.
“Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan ko‘ra, qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qo‘yildi.