Jaloliddin Manguberdi tavalludiga bag‘ishlangan tangalar sotuvi yo‘lga qo‘yildi — narxlar

Oltin va kumush esdalik tangalarini tijorat banklarining filiallarida naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida sotib olish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Bugundan boshlab Jaloliddin Manguberdi tavalludiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
“Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825-yilligi”ga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalari.

“Markaziy bank tomonidan joriy yilning 29-avgustidan boshlab “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825-yilligi” mavzusiga bag‘ishlangan oltindan tayyorlangan 15 va 20 gramm og‘irlikdagi hamda kumushdan tayyorlangan 31,1 gramm og‘irlikdagi esdalik tangalari sotuvga chiqarilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Mazkur esdalik tangalari ularning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asillik sertifikatlari bilan sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Oltin va kumush esdalik tangalarini tijorat banklarining filiallarida naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida sotib olish mumkin.

Esdalik tangalarining 15 gr (oltin) sotuv narxi 11 722 000 so‘m, 20 gr (oltin) esa 15 629 000 so‘mga teng. Kumushning 31,1 gr esa 584 000 so‘mni tashkil etmoqda.

Xalqaro qimmatbaho metallar bozori konyunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan narxlar kun davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Shu kungacha Markaziy bank tomonidan 30 dan ortiq esdalik tangalari sotuvga chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1999-yil 20-oktabrda Markaziy bankning Jaloliddin Manguberdining 800-yillik yubileyiga bag‘ishlab, qiymati 25 so‘m bo‘lgan esdalik tangasi muomalaga chiqarilgan edi.