TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Jahon futboli va Ispaniyaning “Barselona” klubi afsonasi Karles Puyol Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka keldi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar bermoqda.
“Barselona”ning Ronaldino, Karles Puyol va Rivaldo kabi sobiq futbolchilari 28-30 avgust kunlari Qirg‘izistonda bo‘lishadi. Ular Jalolobodda Ispaniya klubi akademiyasi ochilishi marosimida ishtirok etishadi. Shuningdek, Bishkekda shunday akademiya qurilishiga tamal toshi qo‘yish rejalashtirilgan.
Bu tashrif doirasida Bishkek shahrida Markaziy Osiyo futbol afsonalari va Ispaniyaning "Barselona" klubi afsonalari o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishadi. O‘zbekistonlik taniqli sobiq futbolchi Mirjalol Qosimov bahsda ishtirok etadi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham maydonga tushishi aytilmoqda.
Uchrashuvni FIFAning eng yaxshi sobiq hakamlaridan biri va jahon chempionatlari tarixida bosh hakam sifatida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekord (11 ta) natija qayd etgan o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov boshqarib boradi.