O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berishga kelishib oldi

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kelgusi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berish masalalarini muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Ostonada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlarining mintaqada suv-energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida kelgusi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berish masalalari muhokama qilingan, qator o‘zaro kelishuvlarga erishilgan, yetkazib berish hajmlari va muddatlari belgilangan.
Shuningdek, rahbarlar elektr energiyasining soatlik hisobini yuritish mexanizmini joriy etish imkoniyatlarini ishlab chiqish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish, rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalarning amaldagi shartlarini qayta ko‘rib chiqishga kelishib olgan.
O‘zbekiston Energetika vazirligining xabar qilishicha, uchrashuv doirasida qo‘shni davlatlar bilan transchegaraviy gidroenergetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, "Qambarota-1" GES loyihasi ham muhokama qilingan.